Kontent qismiga oʻtish

Moskva davlat universiteti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti
ruscha: Московский государственный университет имени М. В. Ломоносова (МГУ)
Xalqaro nomi
Lomonosov Moscow State University
Turi universitet
Asos solingan sanasi 1755
Rektori Viktor Antonovich Sadovnichiy
Joylashuvi
Moskva
,
Rossiya
Veb-sayti msu.ru

Moskva universiteti, M. V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti — Rossiyadagi ilmiy va pedagog kadrlar tayyorlaydigan eng yirik oliy oʻquv yurti. 1755-yil M. V. Lomonosov tashabbusi bilan tashkil qilingan. Dastlab falsafa, huquq va tibbiyot fakultetlari boʻlgan. Universitet podsho Rossiyasida ilgʻor fan va maʼrifat markazi boʻlgan. Unda yirik olimlar to'planib, turli ilmiy yoʻnalishlar shakllangan. Universitetda A. N. Radishchev, A. S. Griboyedov, M. Yu. Lermontov, V. G. Belinskiy, A. I. Gersen, A. N. Ostrovskiy, I. S. Turgenev, K. D. Ushinskiy, A. P. Chexov va boshqa mashhur kishilar oʻqigan. 1940-yil M. V. Lomonosov nomi berilgan. Fizika, matematika, kimyo, biologiya, geologiya, geografiya, filologiya, tarix, falsafa, psixologiya, huquq va boshqa sohalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi. Tarkibida 18 fakultet, Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim va oʻqituvchilar malakasini oshirish muassasalari, darslar fransuz tilida olib boriladigan kollej bor. Universitetda 200 dan ortiq kafedra va 430 ilmiy tadqiqotlar laboratoriya va stansiya, 4 ilmiy tadqiqotlar instituti (mexanika, yadro fizikasi, P. K. Shternberg nomidagi astronomiya, D. N. Anuchin nomidagi antropologiya), hisoblash markazi, 4 rasadxona, 3 muzey, Botanika bogʻi, ilmiy kutubxona (1756-yil tashkil etilgan; 6 mln.dan ortiq asar saqlanadi), nashriyot (1927-yil tashkil etilgan) mavjud. 1992-yil universitet oʻzini oʻzi boshqaruvchi Rossiya davlat oliy oʻquv yurti makrmini oldi. Universitetda 25 mingdan ortiq talaba taʼlim oladi, 9 mingga yaqin ilmiy pedagogik xodim ishlaydi.[1]

Moskva davlat universitetining boshqa shaharlarda filiallari mavjud. MDU ilk filiali 1999-yilda Ukrainaning Sevastopol shahrida ochildi. Bir yil oʻtib, yaʼni 2000-yilda Qozogʻiston poytaxti Astanada Moskva davlat universiteti filiali ochildi. 2006-yili Oʻzbekiston poytaxti Toshkentda, 2008-yili Ozarbayjon poytaxti Bokuda, 2009-yili Tojikiston poytaxti Dushanbeda, 2015-yili esa Armaniston poytaxti Yerevanda ushbu universitet filiali ochildi.

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil